Скачать Демо музыку бесплатно в mp3 формате.
Добро пожаловать на наш Узбекский музыкальный сайт ELLO.UZ! На нашем сайте вы найдете альбомы популярных Узбекских исполнителей и сможете скачать их целиком. Все исполнители удобно отфильтрованы по жанрам. В верхней части сайта расположен поиск песен, где вы сможете найти любого Узбекского исполнителя, либо найти песню, которую вы так давно искали. Если вам нужно скачать музыку бесплатно в формате Узбекский MP3 и Узбекский Клип , то это именно тот сайт, который вам пригодится и вы можете его Добавить в Закладки.
,
BEK
BEK (Администратор)
Shuhrat
Shuhrat (Журналист)
ELLO
ELLO (Журналист)

17.10.2016

Samvel Babayan bilan keng qamrovli intervShyu

Автор: BEK Комментариев: 0            Просмотров: 25
Samvel Babayan bilan keng qamrovli intervShyu

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan chempionat.com saytiga keng qamrovli intervShyu berdi.
— Eronga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin futbolchilarni kerakli yo‘lga solib olish qiyin bo‘ldimi?
— Birinchi navbatda bu ruhiyat bilan bog‘liq masala. Biz yaxshi o‘ynagan va maydonda ustunlikka erishgan avvalgi o‘yinlarga qaytish kerak edi. Eronga qarshi o‘yinda ikkita xatoga yo‘l qo‘ydik va ulardan biri gol bilan yakunlandi. Boz ustiga, bu o‘yinda terma jamoa etakchisi Odil Ahmedov ishirok eta olmadi. Terma jamoa o‘yini uning atrofida qurilgan. Xitoyga qarshi o‘yinda tavakkal qilib bo‘lsa-da Odilni maydonga tushirdim. Baxtimizga, uning maydonga qaytishi tufayli biz maydonda ustunlikka ega bo‘ldik va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik.
— Hozir Xitoy futboliga katta hajmdagi pullar tikilmoqda. Lekin bu mahalliy futbolchilarning o‘sishiga xizmat qilmayotgandek.
— Men Xitoy futbolini juda yaxshi bilaman. Boisi, terma jamoaning 3 nafar futbolchisi Superligada o‘ynaydi. Biz raqiblarimizni juda chuqur o‘rganamiz. Ularning strategiyasi, taktikasi, o‘yinchilarning individual mahoratlarini. Men Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Gao Xongbo bilan yaxshi tanishman. Nima uchun terma jamoa saralashning bu bosqichida muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgani men uchun ham jumboq. Ular ikkinchi bosqichning so‘nggi turlarini juda kuchli o‘tkazishdi va bir amallab uchinchi bosqichga chiqishdi. Lekin hozirda Xitoy terma jamoasi bilan nimalar sodir bo‘layotganini men tushuntirib bera olmayman. Ularning safida individual jihatdan kuchli futbolchilar bor, ularning asosida milliy terma jamoani shakllantirish mumkin. Yulduz futbolchilarning Superligaga tashrif buyurishi ushbu mamlakat futbolining rivojiga turtki berdi. Ularda o‘sish bor, ammo muammo ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Xitoy terma jamoasi katta bosim ostida qolgan. Ular Toshkentda mehmon bo‘lishganida, xitoylik jurnalistlar o‘zbek hamkasblariga nisbatan ko‘pchilikni tashkil qildi.
— O‘z vaqtida xuddi Xitoy kabi O‘zbekistonga ham jahon miqyosidagi yulduzlar – Rivaldo, Skolari, Eto’O tashrif buyurishgandi. Bu qandaydir samara berdimi?
— Xitoy bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston kapitalni nisbatan samarali, sifatli sarfladi. Xitoy ko‘proq kelajakni ko‘zlagan holda rivojlantirish rejasini amalga oshirmoqda. Ularning birinchi galdagi vazifasi — futbolni mamlakatda birinchi raqamli sport turiga aylantirish. Shundan so‘ng ular sifat ustida ishlay boshlashadi.

O‘zbekistonda yuzaga kelgan shov-shuv haqida gapiradigan bo‘lsam, bu futbolimizning rivojiga yaxshi turtki bo‘lgan. «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘rtasida kuchli qarama-qarshilik yuzaga kelgandi. O‘zbek xalqining futbolga bo‘lgan qiziqishi keskin oshgandi. Ko‘pchilik futbol bilan shug‘ullana boshladi, derbida stadion muxlislar bilan to‘ldi, futbolchi bo‘lishni istagan yoshlarning soni oshdi.
— Uning natijasi o‘laroq, O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 saralash bosqichida omadli ishtirok etmoqdami?
— Azaliy orzumiz — jahon chempionati yo‘llanmasi uchun ikki-uchta muhim qadam tashladik. O‘zbekiston qandaydir qahramonlik ko‘rsatdi, deya gapirishga hali erta. Maqsadimizga erishish uchun hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Biz uchun eng muhimi — navbatdagi o‘yin. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan men muvaffaqiyatlarimiz haqida gapirishni istamasdim.
— Terma jamoani qabul qilib olganingizdan nimalar o‘zgardi? Boisi, siz jamoani boshqarganingizdan keyin natija ijobiy bo‘lmoqda.
— Qandaydir natijalarga erishdik deb maqtanishni istamayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, terma jamoa yakdil fikrli insonlar yig‘ilgan. Ular aniq maqsadga ega, jamoaning o‘yin uslubini yaxshi tushunishadi va katta ishtiyoq bilan futbol o‘ynashadi. Men barcha-barchani — futbolchilar, jurnalistlar, muxlislar va hamkasb-murabbiylarni bir maqsad yo‘lida birlashtira oldim. Hozirgi tarkibning ko‘p futbolchilari — «Paxtakor» akademiyasi tarbiyalanuvchilari hisoblanadi va ular o‘zlarining professional faoliyatlarini shu erda boshlashgan. 15 yil davomida men boshqargan klubda barcha narsa bir chiziqda yo‘lga qo‘yilgan — maktab-akademiya-o‘rinbosarlar-asosiy tarkib. Biz birgalikda rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tdik. Bu esa menga jangovar tarkibni rivojlantirishga yordam beradi.
— Rossiyada klublar avvalo shaxsiy manfaatlarini o‘ylaydi va ular terma jamoa manfaatlari bilan ko‘p ham hisoblashib o‘tirishmaydi. O‘zbekistonda barchasi boshqachami?
— Men Rossiya futbolidagi vaziyat bilan yaxshi tanish emasman. Shu bois, klublar o‘z manfaatlarini terma jamoa manfaatidan ustun qo‘yishlarini tushunmayman. Nazarimda, Rossiya futbolidagi muammolarning ildizi shunga borib taqalsa kerak.

Men terma jamoadagi dastlabki rasmiy o‘yinimga qadar katta hajmdagi ishni amalga oshirdim. Xuddi sizda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham terma jamoa futbolchilarini doimo tanqid qilish odati bor edi. Terma jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanganimdan keyin men sport jurnalistlarini yig‘dim va ularga savol berdim: men terma jamoaga taklif qilayotgan o‘yinchilardan tashqari yurtimizda yanada iqtidorliroq futbolchilar bormi? Bunga rad javobini oldim. Shunday ekan, nima uchun ularni qo‘llab-quvvatlamaymiz? Agar O‘zbekistonda Ahmedov, Denisov, Jeparovdan ko‘ra iqtidorli futbolchilar bo‘lsa, ularni menga ko‘rsating, men ularni terma jamoaga taklif qilaman. Men ulardan yigitlarga bosim o‘tkazmaslikni so‘radim. Ular hali yosh. Barchasi tanqidiy maqolalar va fikrlarni o‘qiydi. Ularni qo‘llab-quvvatlash kerak, ular — xalqimizning boyligi. Muxlislar bilan ham shunday ish qildim. Men barcha fan-klublar etakchilari bilan uchrashib, terma jamoaning yutug‘i — bu faqat Babayan yoki futbolchilarning emas, butun mamlakat muvaffaqiyati ekanini tushuntirdim.
— Bizning Rossiyadagi yana bir muammolardan biri — terma jamoamiz o‘yinchilar eyforiyaga berilishsa, g‘alati ishlar qilishadi. Masalan, Kokorin va Mamaev bilan bog‘liq voqealarni eslash mumkin. O‘zbekiston terma jamoasida ham shunday ishlar bo‘lib turadimi?
— Bizda bunday muammolar ro‘y bermaydi. Yigitlar mening talabimni darhol tushunib olishdi. Bu nafaqat o‘yin uslubimiz, balki maishiy masalalarga ham tegishli. Tabiiyki, maydon tashqarisidagi intizom mashg‘ulot jarayoni va o‘yinning o‘ziga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasida bunday ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

— So‘zlaringizga qaraganda, terma jamoaning muvaffaqiyatlari haqida gapirishga hali erta. Lekin siz tajribali insonsiz, terma jamoada yosh futbolchilar ko‘p. Ulardagi eyforiyadagi qarshi kurashish qiyinmi?
— O‘z maqsadimizni aniq belgilab olganmiz. O‘yin o‘tdi va biz keyingi o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz. O‘yinchilar bilan birga o‘zimizning avvalgi o‘yinlarimizni tahlil qilamiz. Eyforiyaga berilmaymiz. Boisi, muhabbatdan nafratgacha bir qadam ekanini yigitlar tushunishadi. Hattoki hozir siz bilan suhbatlasha turib, mening fikru xayolim Koreyaga qarshi bo‘ladigan o‘yinda.

— Siz terma jamoaga yoshlarni faol jalb qilasiz. Bu majburiy yurishmi yoki hozirda O‘zbekistonda iqtidorli avlod etishib chiqdimi?
— Haqiqatan ham hozirda ko‘plab yosh iqtidorli futbolchilar etishib chiqdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston — o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchisi. Men hozir terma jamoaga taklif qilayotgan futbolchilar ushbu musobaqalarda ishtirok etib, yaxshi tajriba to‘plashdi. Masalan, yoshlar terma jamoamiz Yangi Zelandiyadagi jahon chempionatida kuchli sakkizlikka kirdi. Bu yaxshi natija, ammo, nazarimda, jamoa yarim finalgacha etib borishi mumkin edi. Hozirda bu yigitlar o‘z klublarining etakchisi hisoblanadi. Ular doimiy ravishda Osiyo chempionlar ligasi bahslarida ishtirok etishadi. Bizda yaxshi yosh futbolchilar ko‘p. Mening qarashim bo‘yicha, men hozir O‘zbekiston futboli tarixidagi eng iqtidorli jamoani boshqaryapman. Avvalgi avlodni xafa qilmoqchi emasman, bu mening o‘ta shaxsiy fikrim. Hozir tarkibimizda Ahmedov, Denisov, Ismoilov, Haydarov, Jeparov va Geynrix kabi futbolchilar avlodi borki, ular terma jamoaning asosini tashkil qilishadi. Shuningdek, Sergeev, Krimets, Shukurov, Hoshimov, Sohibov, Shomurodov kabi o‘yinchilar terma jamoada o‘ynamoqda.

Shomurodovga alohida to‘xtalmoqchi edi. Hozirda u terma jamoaning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi. O‘ylaymanki, Eldor yaqin orada jamoaning etakchisiga aylanadi. Eldor mehnatkashligi bilan ajralib turadi. U jismoniy jihatdan baquvvat, u dribling ishlatishdan cho‘chimaydi. Uning aldamchi harakatlari — tug‘ma iqtidor. Bu narsani amalga oshira oladigan futbolchilar ko‘p, ammo Shomurodov kerakli paytda driblingdan foydalanadi va shundan so‘ng o‘z vaqtida uzatma beradi yoki darvoza tomon zarba beradi. O‘ylaymanki, kelajakda u top-futbolchiga aylanadi.

— U o‘z faoliyatini Evropada davom ettirish borasida rejalar tuzilyaptimi?
— Hozirgi kunda Osiyo klublari katti moliyaviy imkoniyatlarga ega. Arab jamoalariga o‘tib, u erda o‘ynash mumkin. Afsuski, ba’zida futbolchilar o‘zining rivojlanishidan ko‘ra katta pullarni ustun qo‘yishadi. Lekin Shomurodov Evropa jamoasiga o‘tishni va u erda rivojlanishni istaydi. Eldor to‘g‘ri fikrlayotganidan xursandman. U o‘z iqtidorini rivojlantirish va o‘sish kerakligini tushunadi.

— Yoshlar mavzusida so‘nggi savol. O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar avlodining yuzaga kelishi — bu tabiiy jarayonmi yoki mamlakatda futbolning rivoji mahsulimi?
— Prezidentning farmoni asosida hukumat va homiylarning qo‘llab-quvvatlashi asosida yurtimizda futbol tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Biror bir mamlakatda futbolni rivojlantirish uchun bunchalik ko‘p hukumat qarorlari qabul qilinmagan. Infrastruktura va moddiy baza yaxshilandi. Agar Toshkent bo‘ylab harakatlansangiz, yo‘lning xar ikki tomonida futbol maydonlariga ko‘zingiz tushadi. U erda bolalar ertalabdan kechgacha to‘p tepishmoqda. Har bir vilotyatda zamonaviy futbol stadionlari qurildi. U erda terma jamoaning o‘yinlarini o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, har bir klubga futbol akademiyalari biriktirib qo‘yilgan. Va nihoyat — Rossiyada «Rotor», «Saturn» yoki «Uralan» kabi klublar yo‘q bo‘lib ketgan holatlar bizda ro‘y bermaydi. Homiylik va moliyalashtirish hukumat qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda futbolning rivojlanishi — mamlakat rahbariyatining ushbu sport turiga e’tibori samarasidir. O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti — Mirabror Zufarovich Usmonovning xizmatlarini alohida tilga olgan bo‘lardim.
— Vitaliy Denisov va Odil Ahmedov «Lokomotiv» va «Krasnodar»da faqat ma’lum vazifalarni bajarishadi. Terma jamoada ularga maydonda erkin harakatlanish imkoniyati beriladimi?
— Birinchidan, ular terma jamoaga tashrif buyurishganida klub bilan bog‘liq barcha ishlarni chetga surib qo‘yishni so‘rayman. Futbolchilar turlicha kayfiyatda kelishadi. Kimdir klubining so‘nggi o‘yinida yutqazgan bo‘ladi, kimdir — yutgan. O‘zbekiston terma jamoasida ma’lum talablar bor va unga Denisov ham, Ahmedov ham bo‘ysunishi kerak. Ular professional futbolchilar va buni yaxshi tushunishadi. Jamoa etakchilari talablarni birinchi bo‘lib bajarishsa, yoshlar ularga intilishadi. Ular maydonda bajarishi kerak bo‘lgan vazifalar bor. Menda Vitaliy va Odilga nisbatan hech qanday e’tiroz yo‘q.

Shubhasiz, ular O‘zbekistonning hozirgi kundagi eng iqtidorli ikki futbolchisi hisoblanadi. Lekin, ular hali o‘z salohiyatlarini to‘liq ochib bera olishmadi. Hali ularning o‘z klublariga ko‘p nafi tegadi.
— Ahmedov va Denisov Rossiya futboli bilan bog‘liq qandaydir qiziqarli narsalarni gapirib berishadimi? Masalan, raqiblar haqida qandaydir ma’lumotlarni aytishar. Masalan, Eron terma jamoasi futbolchilari — Sardor Azmun va Sayid Izzatullohiy «Rostov»da o‘ynashadi.
— Terma jamoaga nafi tegishi mumkin bo‘lgan har qanday ma’lumot biz uchun qiziq. Lekin klub va terma jamoa — bu yopiq hudud. Buni o‘zingiz ham yaxshi tushunasiz. Ha, futbolchilar ayrim narsalarni gapirishadi. Men futbolchilar bilan doimo aloqani ushlab turaman va har bir qarorimni ularga tushuntiraman. Albatta, ularning fikrlarini ham tinglayman. Lekin terma jamoaning o‘yin uslubi va falsafasi o‘zgarishsiz qoladi.

— «Orenburg» safida yana o‘zbekistonlik futbolchi Vadim Afonin o‘ynamoqda. Boz ustiga, u jamoasining etakchisi hisoblanadi. Ammo u terma jamoaga taklif etilmayapti. Buning sababi nima?
— Afoninning fuqaroligi to‘g‘risidagi mish-mishlar ko‘payib ketdi. Men u bilan gaplashdim va uni bajonudil terma jamoaga taklif qilishimni aytdim. U ham terma jamoada o‘ynashga tayyor ekanini ta’kidladi. Lekin uning pasporti bilan bog‘liq vaziyat bunga yo‘l bermayapti. Yaqin orada, uning pasporti huquqiy kuchga ega yoki yo‘qligiga aniqlik kiritib olamiz. Agar muammo hal bo‘lsa, navbatdagi o‘yinga chaqiramiz. Albatta, Afonin o‘zining o‘yini bilan terma jamoadan chaqiruv olishga loyiq ekanini isbotladi. O‘zbekiston futbol federatsiyasi mutaxassislari bu borada ish olib bormoqda.

— O‘zbek futbolining xalqaro arenadagi yorqin vakili Ravshan Ermatov hisoblanadi. U qanday qilib bunday natijaga erishgan?
— Birinchi navbatda, Ravshan — boshidan oyog‘igacha professional. Uning har kunlik tayyorgarlik mashg‘ulotini biror bir futbolchi tushida ham ko‘rmagan. Bu juda katta mehnat. Albatta, unda katta iqtidor bor. Uning otasi O‘zbekiston chempionatida hakamlik qilgan va o‘z o‘g‘liga yaxshi tarbiya bergan. U juda obro‘li shaxs. Nazarimda, Ermatov zamonamizning eng yaxshi hakami.

— O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijaga yaqin keldi va Rossiyani ortda qoldirdi. Bu reytingga ahamiyat qaratasizmi?
— Albatta, reytingda yuqoriga ko‘tarilayotganimizni ko‘rish yoqimli. Nazorat o‘yinlari uchun raqib tanlayotganimizda bu bizga ma’lum imtiyoz beradi. Barcha terma jamoaning reytingdagi o‘rniga qaraydi. O‘sish va rivojlanish bor ekan — bu juda zo‘r.

— Terma jamoa oldiga qanday vazifa qo‘yilgan?
— Maqsadimiz – 2018 yili Rossiyada bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.

— O‘zbekiston terma jamoasi uchun bu deyarli uydagi jahon chempionatiga aylanib ketadi. O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarga tushushi mumkin. Bu ham qo‘shimcha motivatsiya bo‘lishi mumkinmi?
— Albatta. Hozirda millionlab o‘zbekistonlik kishilar terma jamoaning jahon chempionatida ishtirok etishini istaydi. Ular jahon chempionatiga tashrif buyurib, terma jamoani qo‘llab-quvvatlashni oruz qilishadi. Hattoki, futbolni yaxshi tushunmaydigan ayollar ham futbol orqali olayotgan ijobiy hissiyotlar uchun minnatdorchilik bildirmoqda. Hozirda xalqimiz futbol havosi bilan yashamoqda. Vatandoshlarimizning orzusini ro‘yobga chiqarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

Manba: Stadion.uz


Категория: Спорт UZ     Нашли ошибку?

Похожие музыки

Похожие клипы

Добавить комментарий

avatar